Fuqarolik protsessual kodeksi 441-modda. Arizaning shakli va mazmuni

Hal qiluv qarorini, ajrimni yoki qarorni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish haqidagi ariza sudga yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida beriladi. Ariza uni berayotgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Sud qarorini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi (nomi), ularning yashash joyi (joylashgan yeri) va pochta manzili; 3) arizachi yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishni talab qilayotgan sud hujjatini qabul qilgan sudning nomi, ishning raqami, sud hujjati qabul qilingan sana; 4) arizachining fikriga koʻra, sud hujjatini qayta koʻrish uchun asos boʻlayotgan yangi ochilgan holatlar, ularni tasdiqlovchi hujjatlar; 5) ariza berayotgan shaxsning talabi; 6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak: 1) yangi ochilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari; 3) ariza vakil tomonidan imzolangan taqdirda, vakilning uni imzolashga boʻlgan vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat.