Jinoyat sodir qilish natijasida yetkazilgan zararni undirish, alimentlarni undirish, mayib boʻlganlik yoki sogʻliqqa boshqacha shikast yetganlik, shuningdek boquvchi vafot etganligi natijasida koʻrilgan zararning oʻrnini qoplash, xodim bilan mehnat shartnomasini gʻayriqonuniy ravishda bekor qilish yoxud xodimni gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazishda yoki sudning ishga tiklash toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini bajarmaganlikda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslardan pul summalarini undirish, davlat daromadiga pul mablagʻlarini undirish hollarida sud oʻz tashabbusiga koʻra ijro varaqasini ijro etish uchun yuboradi. Davlat foydasiga mulkiy undiruvlar boʻyicha ijro varaqasi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan soʻng uch ish kuni ichida sud tomonidan qarzdorning joylashgan yeridagi davlat ijrochisiga yuboriladi. Ijro varaqasi elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.