Sud hujjatining ijrosini qiyinlashtiradigan obyektiv holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, sud undiruvchining, qarzdorning yoki davlat ijrochisining arizasiga binoan hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirishga yoxud uning boʻlib-boʻlib ijro etilishiga yoʻl qoʻyishga, uni ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishga haqli. Agar vakolatli davlat organining qarorida yoki taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoxud boʻlib-boʻlib ijro etish uchun koʻpi bilan bir yil muddat berilishi mumkin. Qarzdorga sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uning boʻlib-boʻlib ijro etilishiga yoʻl qoʻyish chogʻida, sud ushbu Kodeksning 9-bobida nazarda tutilgan tartibda uning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin. Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etish, uni ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish haqidagi ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda sud tomonidan koʻriladi. Arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqarilib, uning koʻchirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek sud hujjatining ijrosi davlat ijrochisining ish yurituvida boʻlgan taqdirda, davlat ijrochisiga yuboriladi. Ajrim ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.