Sud davlat ijrochisi sud tomonidan berilgan ijro varaqasi asosida qoʻzgʻatgan ijro ishini yuritishni qonunda nazarda tutilgan hollarda, undiruvchining, qarzdorning, davlat ijrochisining arizasi boʻyicha toʻxtatib turishi yoxud tugatishi mumkin. Sud tomonidan berilgan ijro varaqasi asosida qoʻzgʻatilgan ijro ishini yuritishni toʻxtatib turish va tugatish shu sud tomonidan yoki davlat ijrochisi joylashgan yerdagi sud tomonidan amalga oshiriladi. Ijro ishini yuritishni toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda taraflarni chaqirmagan va sud muhokamasi oʻtkazmagan holda sud tomonidan koʻriladi. Ijro ishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan ajrim chiqarilib, uning koʻchirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek davlat ijrochisiga yuboriladi. Ajrim ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.