Fuqarolik protsessual kodeksi 56-modda. Guvoh

Ishga doir biror holatdan xabardor boʻlgan har qanday shaxs guvoh boʻla oladi. Quyidagilar guvoh sifatida chaqirilishi va soʻroq qilinishi mumkin emas: vakil, himoyachi, advokat yoki mediator vazifalarini bajarishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan holatlar toʻgʻrisida — fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy ish boʻyicha vakillar yoki jinoyat ishi boʻyicha himoyachilar, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha advokatlar, mediatorlar; arbitrlar, arbitraj tarkibi tomonidan tayinlangan ekspertlar, arbitraj muassasasining xodimlari, hakamlik sudyalari — arbitraj yoki hakamlik muhokamasi davomida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan holatlar toʻgʻrisida; jismoniy nuqsonlari yoki ruhiy holatining buzilganligi sababli faktlarni toʻgʻri idrok qilishga yoki ular haqida toʻgʻri koʻrsatuvlar berishga layoqatsiz shaxslar.