Tarjimon quyidagi huquqlarga ega: tarjimani aniqlashtirish maqsadida sud majlisi ishtirokchilariga savollar berish; agar tarjima qilish uchun tegishli bilimga ega boʻlmasa, sud muhokamasida ishtirok etishni rad etish; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish; sud majlisi bayonnomasiga kiritilgan tarjimaning toʻgʻriligi yuzasidan eʼtirozlar taqdim etish. Tarjimon tarjimani toʻliq va toʻgʻri amalga oshirishi, sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart. Tarjima qilishdan asossiz ravishda bosh tortganlik, shuningdek sud uzrsiz deb topgan sabablarga koʻra sudning chaqiruvi boʻyicha kelmaganlik uchun tarjimon ushbu Kodeksning 146-moddasida belgilangan tartibda jarimaga tortiladi. Jarima solinishi tarjimonni sudga kelish va tarjima qilish majburiyatidan ozod etmaydi. Tarjimon bila turib notoʻgʻri tarjima qilganlik, yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238 , 239-moddalariga muvofiq jinoiy javobgar boʻladi, bu haqda u sud tomonidan tilxat olib ogohlantiriladi.