Fuqarolik protsessual kodeksi 75-modda. Isbotlashdan ozod qilish asoslari

Sud hammaga maʼlum deb topgan holatlar isbotlashga muhtoj emas. Bir fuqarolik ishi boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan faktlar xuddi shu shaxslar ishtirok etayotgan boshqa fuqarolik ishlari muhokamasida yangidan isbot qilinmaydi. Iqtisodiy yoki maʼmuriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boshqa ishni koʻrayotgan sud uchun iqtisodiy yoki maʼmuriy sudning hal qiluv qarori bilan aniqlangan va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga taalluqli boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi masalalar boʻyicha majburiydir. Jinoyat ishi boʻyicha qonuniy kuchga kirgan sud hukmi sud tomonidan hukm etilgan shaxs harakatlarining fuqarolik-huquqiy oqibatlari toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqayotgan sud uchun faqat shu harakatlar sodir etilganligi yoki sodir etilmaganligi va ular mazkur shaxs tomonidan sodir etilganligi yoki etilmaganligi masalalari yuzasidan majburiydir. Notarial harakat amalga oshirilganda notarius tomonidan tasdiqlangan holatlar, agar notarial tartibda rasmiylashtirilgan hujjatning haqiqiyligi ushbu Kodeksning 235 va 236-moddalarida belgilangan tartibda rad etilmagan yoki notarial harakatni amalga oshirish tartibi jiddiy tarzda buzilganligi aniqlanmagan boʻlsa, isbotlashni talab etmaydi.