Sud dalillarga ishning hamma holatlarini jamlab, ularni sud majlisida qonunga amal qilgan holda, har taraflama, toʻliq va xolis koʻrib chiqishga asoslangan oʻz ichki ishonchi boʻyicha baho beradi. Har bir dalil aloqadorlik, maqbullik va ishonchlilik nuqtai nazaridan, dalillarning majmui esa yetarlilik nuqtai nazaridan baholanishi lozim. Agar tekshirish natijasida dalilning haqiqatga toʻgʻri kelishi aniqlansa, u ishonchli deb topiladi. Hech bir dalil sud uchun oldindan belgilab qoʻyilgan kuchga ega emas. Dalillarga baho berish natijalarini sud hal qiluv qarorida aks ettirishi shart boʻlib, unda ayrim dalillar sudning xulosalarini asoslash vositasi sifatida qabul qilinganligi, boshqa dalillar sud tomonidan rad etilganligi sabablari, shuningdek ayrim dalillarning boshqa dalillarga nisbatan afzalligi asoslari keltiriladi. Hujjatlarga yoki boshqa yozma dalillarga baho berishda sud boshqa dalillarni inobatga olgan holda, bunday hujjat yoki yozma dalil shu turdagi dalillarni taqdim etishga vakolatli boʻlgan organ tomonidan berilganligiga, hujjatni imzolab tasdiqlash huquqiga ega shaxs tomonidan imzolanganligiga, mazkur turdagi dalilning boshqa barcha ajralmas rekvizitlar mavjudligiga ishonch hosil qilishi shart. Hujjatning yoki boshqa yozma dalilning koʻchirma nusxasiga baho berishda sud nusxa koʻchirish vaqtida uning asliga nisbatan mazmuni oʻzgarib qolmaganligini, nusxa koʻchirish qanday texnik usulda bajarilganligini, nusxa koʻchirish hujjatning koʻchirma nusxasi uning asli bilan bir xilligini kafolatlashini, hujjatning koʻchirma nusxasi qanday tarzda saqlanganligini tekshiradi. Agar hujjatning asli yoʻqolgan va sudga taqdim etilmagan boʻlsa, nizolashayotgan har bir taraf tomonidan taqdim etilgan ushbu hujjatning koʻchirma nusxalari esa oʻzaro bir xil boʻlmagan hamda boshqa dalillar yordamida hujjatning asl mazmunini aniqlashning iloji boʻlmagan taqdirda, sud hujjatning yoki boshqa yozma dalilning faqat koʻchirma nusxasi bilan tasdiqlangan holatlarni isbotlangan deb his