1. Garov shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim. Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda garov shartnomasi notarial yoʻl bilan tasdiqlanishi va shunday roʻyxatni yurituvchi davlat idorasida qayd etilishi zarur. 2. Koʻchmas mulk va unga boʻlgan huquqlarni garovga qoʻyish shartnomalari, shuningdek muomaladagi va qayta ishlovdagi mollarni garovga qoʻyish notarial yoʻl bilan albatta tasdiqlanishi hamda roʻyxatdan oʻtkazilishi shart. Qonunlarda garov shartnomalarini notarial yoʻl bilan tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazishning boshqa hollari nazarda tutilishi mumkin. 3. Basharti, shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, notarial idora garov toʻgʻrisidagi shartnomani tasdiqlash bilan bir paytda garov narsasini tasarrufdan chiqarishni taqiqlab qoʻyadi. 4. Garov sharti garov bilan taʼminlangan majburiyat yuzaga keluvchi shartnomaga kiritilishi mumkin. Bunday shartnoma ushbu Qonunda belgilangan tartibda notarial yoʻl bilan tasdiqlanishi va roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. 5. Garov toʻgʻrisidagi shartnoma shakliga, uni tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibiga rioya etilmagan hollarda shartnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi.