1. Agar qonunda oʻzgacha qoidalar belgilanmagan boʻlsa, qarzdor garov bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan taqdirda kreditor talabini garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan qondirish sud, xoʻjalik sudi va xolislar sudining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Qonunlarda nazarda tutilgan hollarda undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish notariusning ijro etish yozuvi asosida muqarrar tartibda amalga oshiriladi. Agar qonun hujjatlarida oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, garov narsasini sotish sud ijrochisi tomonidan sud bergan ijro varaqasi yohud xoʻjalik sudining buyrugʻi yoki notariusning ijro etish yozuvi asosida qonunlarda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Garov narsasini sotish kimoshdi savdosi (ochiq savdoda) yoki vositachilik doʻkonlari orqali amalga oshiriladi. 2. Undiruv garovga qoʻyilgan narsaga qaratilganda garovga oluvchining talabi boshqa kreditorlarga nisbatan imtiyozli tarzda qondiriladi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida koʻzda tutilgan hollar bundan mustasno. 3. Agar garov narsasini sotishdan tushgan pul garov oluvchining talablarini qoplashga kamlik qilsa, shartnomada yoki qonunlarda oʻzgacha qoidalar yoʻq boʻlgan taqdirda yetishmayotgan pulni garov oluvchi qarzdorning boshqa mol-mulkidan qonunlarda nazarda tutilgan navbat bilan olish huquqiga ega boʻladi. 4. Agar garov narsasini sotishdan tushgan pul kreditorning garov bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha talablari miqdoridan ortiq boʻlsa, kreditor bir oylik muddat ichida qarzdorga farqni toʻlashi shart.