Garov toʻgʻrisida 4-modda. Garov narsasi

1. Ashyolar, qimmatli qogʻozlar, pul mablagʻlari, shaxsiy yordamchi xoʻjalik yuritish, yakka tartibda uy-joy qurish uchun kim oshdi savdosi asosida olingan yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik huquqi, shuningdek savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari, turar joy binolari ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda, boshqa mol-mulk va mulkiy huquqlar garov narsasi boʻlishi mumkin. Shaxsiy xususiyatga ega boʻlgan talablar, shuningdek garovga qoʻyilishi qonun bilan taqiqlab qoʻyilgan boshqa talablar garov narsasi boʻlishi mumkin emas. 2. Garov huquqi kelgusida garovga qoʻyuvchining egaligiga (toʻliq xoʻjalik tasarrufiga yoki bevosita boshqaruviga) oʻtadigan mol-mulkka nisbatan shartnoma bilan tatbiq etilishi mumkin. 3. Basharti, shartnomada yoki qonunlarda oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mol-mulkka nisbatan garov huquqi mol-mulkning ashyolarini ham, tarkibiy samarasini ham oʻz ichiga oladi. Mol-mulkka nisbatan garov huquqi shartnomada yoki qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, doirada va tartibda ajratib boʻladigan samarani, boʻlgʻusi hosilni, chorva mollar naslini, buyum keltiradigan daromadlarni oʻz ichiga olishi mumkin. 4. Tarixiy, madaniy yoki oʻzga qimmati tufayli yoxud davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan garov qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qoʻyiladi.