Garov toʻgʻrisida 8-modda. Garovga qoʻyuvchi va garovga oluvchi

1. Yuridik yoki jismoniy shaxslar garovga qoʻyuvchi yoki garovga oluvchi boʻlishlari mumkin. 2. Qarzdorning oʻzi ham, uchinchi shaxs (mulkiy kafil) ham garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin. Garovga qoʻyuvchi garovga berilayotgan mol-mulkka egalik (toʻliq xoʻjalik tasarrufi yoki bevosita boshqaruv) huquqiga ega boʻlishi lozim. Mol-mulk toʻliq xoʻjalik tasarrufi huquqi bilan birkitib qoʻyilgan korxona shu mol-mulk egasining yoki u vakolat bergan idoraning roziligi bilan umuman korxonaning, mulkiy majmualar sifatida uning tuzilmalari va boʻlinmalarining, shuningdek alohida binolar va inshootlarning garovini amalga oshiradi. Oʻziga birkitib qoʻyilgan mol-mulkni bevosita idora qilish huquqiga ega boʻlgan muassasa (tashkilot) oʻziga ruxsat etilgan xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar hisobiga orttirilgan ashyolar yoki huquqlarni garovga berishga xaqlidir. Egalik huquqining keyingi subyektga oʻtishi toʻliq xoʻjalik tasarrufi yoki bevosita boshqaruvi ostidagi mol-mulk garoviga dahl qilmaydi. 3. Huquqlarni garovga qoʻyishda shu huquqlarga ega boʻlgan shaxs garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin. Bir necha shaxsga birgalikda tegishli boʻlgan huquq uning barcha egalarining roziligi bilangina garovga qoʻyilishi mumkin. Ijarachi ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollardagina ijaraga beruvchining roziligisiz oʻzining ijaraga oid huquqlarini garovga oʻtkazishga haklidir. 4. Boshqa davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, qonunlarda oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan bulsa, garovga doir munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari bilan ayni bir xil huquqlardan foydalanadilar hamda ayni bir xil majburiyatlarga ega boʻladilar.