Hakamlik sudi oʻz hal qiluviga topshirilgan nizoni, shu jumladan hakamlik bitimi yoʻqligi yoki haqiqiy emasligi sababli hakamlik muhokamasi taraflaridan biri hakamlik muhokamasiga qarshi eʼtiroz bildirgan hollarda nizoni koʻrib chiqishga vakolati borligi yoxud yoʻqligi haqidagi masalani mustaqil ravishda hal etadi. Shu maqsadda shartnoma sharti tarzida rasmiylashtirilgan hakamlik bitimi shartnomaning boshqa shartlariga bogʻliq boʻlmagan bitim sifatida koʻrib chiqilishi kerak. Hakamlik sudining shartni qamrab olgan shartnomaning haqiqiy emasligi toʻgʻrisidagi xulosasi ushbu shartning qonunga binoan haqiqiy emas deb topilishiga olib kelmaydi. Nizo hakamlik sudi tomonidan mazmunan koʻrib chiqilguniga qadar hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudida oʻz hal qiluviga topshirilgan nizoni koʻrib chiqishga vakolat yoʻqligi haqida arz qilishga haqli. Agar koʻrib chiqilishi hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoxud qonunga yoki doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalariga muvofiq hakamlik muhokamasi predmeti boʻla olmaydigan masala hakamlik muhokamasi davomida hakamlik muhokamasi predmetiga aylansa, hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudi oʻz vakolatidan chetga chiqqanligi haqida arz qilishga haqli. Hakamlik sudi hakamlik muhokamasi tarafining ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq berilgan arizasini koʻrib chiqishi shart. Arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Agar hakamlik sudi oʻz vakolati haqidagi masalani koʻrib chiqayotganda nizoni koʻrib chiqishga hakamlik sudida vakolat yoʻqligi toʻgʻrisida ajrim chiqarsa, hakamlik sudi nizoni mazmunan koʻrib chiqishi mumkin emas.