Daʼvogar oʻz talablarini hakamlik sudiga yozma shaklda beriladigan daʼvo arizasida bayon etadi. Daʼvo arizasining nusxasi javobgarga yuboriladi. Daʼvo arizasida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: daʼvo arizasining sanasi; hakamlik muhokamasi taraflari boʻlgan yuridik shaxslarning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi; daʼvogarning talablari; daʼvogarning talablariga asos boʻlgan holatlar; daʼvo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar; daʼvoning bahosi; daʼvo arizasiga ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati. Daʼvo arizasi daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Agar daʼvo arizasi daʼvogarning vakili tomonidan imzolangan boʻlsa, daʼvo arizasiga ishonchnoma yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi lozim.