Agar daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrmaslik hakamlik sudining hal qiluv qarori ijrosini qiyinlashtirishi yoki uni bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkin boʻlsa, daʼvoni taʼminlashga yoʻl qoʻyiladi. Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash haqidagi ariza hakamlik muhokamasi tarafi tomonidan hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoxud javobgar joylashgan yerdagi yoki yashaydigan joydagi yoinki javobgarning mol-mulki turgan joydagi vakolatli sudga beriladi. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizaga daʼvoning hakamlik sudiga taqdim etilganligini isbotlovchi dalillar ilova qilinadi. Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizani vakolatli sud tomonidan koʻrib chiqish hamda daʼvoni taʼminlash yoxud uni taʼminlashni rad etish haqida ajrim chiqarish Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Hakamlik sudining daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqidagi hal qiluv qarori daʼvoni taʼminlash choralari vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi uchun asos boʻladi.