Hakamlik sudining hal qiluv qarori yozma shaklda bayon etiladi va hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi hakamlik sudyalari tomonidan, shu jumladan alohida fikrga ega boʻlgan hakamlik sudyasi tomonidan imzolanadi. Hakamlik sudyasining alohida fikri hakamlik sudi hal qiluv qaroriga ilova qilinadi. Hakamlik sudining hal qiluv qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: hal qiluv qarori qabul qilingan sana; hakamlik muhokamasi oʻtkazilgan joy; hakamlik sudining tarkibi; hakamlik muhokamasining taraflari boʻlgan yuridik shaxslarning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, hakamlik muhokamasi taraflari vakillarining vakolatlari koʻrsatilgan holda familiyasi, ismi, otasining ismi; hakamlik sudi vakolatlarining asoslari; daʼvogarning talablari va javobgarning eʼtirozlari, shuningdek ularning iltimosnomalari; hakamlik sudi tomonidan aniqlangan nizo holatlari, hakamlik sudining ushbu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalariga asos boʻlgan dalillar, hal qiluv qarorini qabul qilishda hakamlik sudi amal qilgan normalar. Hal qiluv qarorining xulosa qismida arz qilingan har bir daʼvo talabini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hakamlik sudining xulosalari boʻlishi kerak. Hal qiluv qarorining xulosa qismida nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlar summasi, mazkur xarajatlarning hakamlik muhokamasi taraflari oʻrtasida taqsimlanishi, zarur hollarda esa, qabul qilingan hal qiluv qarorini ijro etish muddati va tartibi koʻrsatiladi. Hal qiluv qarori qabul qilinganidan soʻng oʻn kun ichida hakamlik muhokamasining har bir tarafiga hal qiluv qarori topshirilishi yoki yuborilishi kerak.