Taraflardan biri hakamlik sudining hal qiluv qarorini olganidan soʻng, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik muhokamasi davomida arz qilingan va koʻrib chiqilgan, ammo qabul qilingan hal qiluv qarorida oʻz aksini topmagan daʼvo talablari boʻyicha qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan oʻn kun ichida aynan oʻsha hakamlik sudiga bu haqda boshqa tarafni xabardor qilgan holda murojaat etishi mumkin. Nizoni hal qilgan hakamlik sudi tarkibi mazkur ariza olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida uni koʻrib chiqishi kerak. Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish ushbu Qonunning 34-moddasi va 35-moddasining toʻrtinchi qismi qoidalariga rioya etilgan holda hakamlik sudi majlisida amalga oshiriladi. Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha hakamlik sudi hal qiluv qarorining tarkibiy qismi boʻlgan qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilinadi yoki qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirishni rad etish haqida ajrim chiqariladi.