Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida 6-modda. Qonuniylik prinsipi

Ichki ishlar organlari xodimlari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi , ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga aniq rioya etishi hamda ularni bajarishi shart. Qonunlarni aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga koʻra yuz berganidan qatʼi nazar, qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi. Ichki ishlar organlarining xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻidagi oʻzining qonunga xilof xatti-harakatlarini (harakatsizligini) oqlash uchun xizmat manfaatlarini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlikni, yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning qonunga xilof talablari, buyruqlari va farmoyishlarini yoki qonunga muvofiq boʻlmagan boshqa biror-bir holatni roʻkach qilishi mumkin emas. Ichki ishlar organlarining xodimlariga kimnidir gʻayriqonuniy harakatlarni sodir etishga bevosita yoki bilvosita qiziqtirish, koʻndirish, undash taqiqlanadi.