Ipoteka toʻgʻrisida 21-modda. Yoʻqolgan hujjatli garov xati boʻyicha huquqlarni tiklash

Yoʻqolgan hujjatli garov xati boʻyicha huquqlarni tiklash ipotekaga qoʻyuvchi tomonidan, agar u uchinchi shaxs (ashyoviy kafil) boʻlsa, shuningdek ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha qarzdor tomonidan ham quyidagilarga asosan amalga oshiriladi: agar ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq binolar (inshootlar) garovi davlat reyestriga kiritilgan maʼlumotlar boʻyicha yoʻqolgan garov xatiga yozib qoʻyilgan garovga oʻtkazishga doir barcha maxsus yozuvlarni aniqlash mumkin boʻlsa, mazkur reyestrda ipotekaga oluvchi sifatida koʻrsatilgan shaxsning ular nomiga yozilgan arizasi asosida; yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisida sud chiqargan qaror asosida. Ipotekaga qoʻyuvchi, agar u uchinchi shaxs (ashyoviy kafil) boʻlsa, shuningdek ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha qarzdor ham imkoni boricha qisqa muddatlarda hujjatli garov xatining dublikatini tuzishlari va uni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga topshirishlari shart. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bir ish kuni ichida hujjatli garov xatining dublikatini rasmiylashtirishi shart, unda “dublikat” degan belgi boʻlishi kerak. Hujjatli garov xatining dublikati roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan hujjatli garov xatini yoʻqotgan shaxsga topshirish orqali beriladi. Hujjatli garov xatining dublikati yoʻqolgan hujjatli garov xatiga toʻliq muvofiq boʻlishi kerak. Hujjatli garov xatining dublikati yoʻqolgan garov xatiga muvofiq emasligi munosabati bilan yuzaga kelgan zararlar uchun javobgarlik roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ zimmasida boʻladi. Agar bu nomuvofiqlik uchun hujjatli garov xati boʻyicha majburiyatli shaxslar javobgar boʻlsa, ular hujjatli garov xati dublikati qonuniy egasining ushbu hujjatli garov xati boʻyicha huquqlarni amalga oshirishini mazkur nomuvofiqlik munosabati bilan rad etishga haqli emas.