Ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat asosida kreditorga tegishli boʻlgan huquq (talab) shu kreditorning oʻzi tomonidan bitim boʻyicha boshqa shaxsga oʻtkazilishi (talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish) yoki qonun asosida boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin. Agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ipotekaga oluvchi mazkur shartnoma boʻyicha oʻz huquqlarini boshqa shaxsga qarzdorning roziligini talab qilmasdan oʻtkazishga haqli. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha boshqa shaxs foydasiga oʻz huquqlaridan voz kechilganda, ipoteka bilan taʼminlangan asosiy majburiyat boʻyicha qarzdordan talab qilish huquqi ham oʻsha shaxsga oʻtadi. Agar qarzdor kreditorning huquqlari boshqa shaxsga oʻtganligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilingan boʻlmasa, yangi kreditor shu tufayli kelib chiqqan oʻzi uchun noqulay oqibatlar xavfini oʻz zimmasiga oladi. Mazkur holda majburiyatning dastlabki kreditorga nisbatan bajarilishi tegishli kreditorga nisbatan bajarish deb eʼtirof etiladi. Agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, dastlabki kreditorning huquqi shu huquq yangi kreditorga oʻtgan paytdagi mavjud hajmda va shartlarda oʻtadi. Xususan, majburiyatlar bajarilishini taʼminlovchi huquqlar, shuningdek talab bilan bogʻliq boshqa huquqlar, shu jumladan toʻlanmagan foizlarga boʻlgan huquq yangi kreditorga oʻtadi.