Garov xati boʻyicha huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish oddiy yozma shaklda bitim tuzish orqali amalga oshiriladi. Garov xati boʻyicha huquqlarning boshqa shaxsga oʻtkazilishi talablardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish (sessiya) oqibatlarini keltirib chiqaradi. Hujjatli garov xati boʻyicha huquqlar boshqa shaxsga oʻtkazilayotganda huquqni oʻtkazayotgan shaxs uning yangi egasi toʻgʻrisida hujjatli garov xatiga belgi qoʻyadi. Belgida hujjatli garov xati boʻyicha huquqlar oʻtkazilgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi) hamda bunday oʻtkazish asosi aniq va toʻliq koʻrsatilishi kerak. Garov xatining yangi egasi toʻgʻrisidagi belgi hujjatli garov xatida koʻrsatilgan ipotekaga oluvchi tomonidan, agar bu birinchi yozuv boʻlmasa, oldingi belgida koʻrsatilgan hujjatli garov xatining egasi tomonidan imzolanishi kerak. Elektron garov xatlari boʻyicha huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish depo hisobvaragʻiga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi. Elektron garov xatiga doir huquqlar oluvchining depo hisobvaragʻiga tegishli yozuv kiritilgan paytdan eʼtiboran unga oʻtadi va depo hisobvaragʻidan koʻchirma bilan tasdiqlanadi. Garov xati boʻyicha huquqlarning boshqa shaxsga oʻtkazilishi bu hujjat bilan tasdiqlanadigan barcha huquqlar ham shunga koʻra oʻsha shaxsga oʻtkazilishini anglatadi. Dastlabki ipotekaga oluvchining va garov xati oldingi egalarining huquqlaridan qatʼi nazar, garov xati bilan tasdiqlangan barcha huquqlar, shu jumladan ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha ipotekaga oluvchining huquqlari va kreditorning huquqlari garov xatining qonuniy egasiga tegishli boʻladi. Agar ushbu moddada koʻrsatilgan bitimda boshqacha shartlashilmagan boʻlsa, garov xati boʻyicha huquqlar boshqa shaxsga ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat (asosiy majburiyat) qisman bajarilgan holda oʻtkazilayotganda garov xati boʻyicha huquqlar boshqa shaxsga oʻtkazilgan paytga qadar bajarilishi kerak boʻlgan majburiyatlar bajarilgan deb hisoblanadi. Hujjatli garov xati