Garov xati uni boshqa shaxsga (garov xatini garovga oluvchiga) oʻtkazish orqali yoki oʻtkazmasdan kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatni yoki shu shaxs bilan garov xatida dastlab koʻrsatilgan ipotekaga oluvchi yoxud uning oʻzga qonuniy egasi oʻrtasida vujudga kelgan boshqa majburiyatni bajarilishini taʼminlash uchun garov xatining garovi toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilishi mumkin. Garov xatining garovi bilan taʼminlangan majburiyat bajarilmagan taqdirda, ipotekaga oluvchi garov xatini garovga oluvchining talabiga binoan garov xati boʻyicha oʻz huquqlarini ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan tartib va shartlar asosida unga oʻtkazishi shart. Bu huquqlarni oʻtkazish rad etilgan taqdirda, garov xatini garovga oluvchi ana shu huquqlar oʻziga oʻtkazilishini sud tartibida talab qilishi mumkin. Garov xati boʻyicha huquqlar oʻziga berilgan yoki sud tomonidan oʻziga oʻtkazilgan garov xatini garovga oluvchi undiruvni garov xatining shartlariga muvofiq ipoteka narsasiga qaratishga haqlidir. Ipoteka narsasini realizatsiya qilish natijasida tushgan summalar ipotekaga oluvchining garov xatini garovga oluvchidan qarzini uzishga qaratiladi, qolgan summa esa kredit shartnomasi yoki garov xati ipotekasi bilan taʼminlangan boshqa majburiyat boʻyicha ipotekaga oluvchiga tegishli qarzni uzish uchun ushbu Qonunning 50-moddasiga muvofiq garovga qoʻyuvchining oʻzga kreditorlariga va garovga qoʻyuvchining oʻziga beriladi. Garov xatini garovga olish toʻgʻrisidagi shartnomada taraflar garovga oluvchining muayyan muddat oʻtganidan keyin garov xatini sotib, tushgan puldan uning garovi bilan taʼminlangan majburiyat summasini ushlab qolish huquqini nazarda tutishi mumkin. Bu holda ushbu huquq garov xatidagi garov narsasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi maxsus yozuvda nazarda tutilgan boʻlishi kerak. Garov xati garovi belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan roʻyxatga olinishi kerak.