Ipotekaga oluvchi undiruvni ipoteka narsasiga qaratish uchun asoslar vujudga kelganidan keyin oʻz talablarini sud tartibida, shuningdek suddan tashqari tartibda, agar bu ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, yoxud ipotekaga qoʻyuvchining ipotekaga oluvchi bilan tuzilgan va notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvi asosida qanoatlantirishga haqli. Qarz toʻlanmagan taqdirda, ipotekaga oluvchining qarzdor tomonidan asosiy majburiyatning bajarilishiga doir talabi suddan tashqari tartibga solish tugallanganidan keyin, qarzdor majburiyatining qoplanmagan qismini qarzdorning boshqa mol-mulki hisobidan qoplashga boʻlgan huquq ipoteka oluvchida saqlanib qoladi. Ipotekaga oluvchining talablarini qanoatlantirishga quyidagi hollarda faqat sud tartibida yoʻl qoʻyiladi, agar: mol-mulk ipotekasi uchun boshqa shaxs yoki organning roziligi yoxud ruxsati talab qilinsa, bundan mazkur mol-mulkni garovga berish chogʻida zarur boʻlgan rozilik yoki ruxsat olingan hollar mustasno; ipoteka narsasi tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatga ega mol-mulk boʻlsa; ipotekaga qoʻyuvchi yoʻqolgan boʻlsa va uning turgan joyini aniqlash mumkin boʻlmasa.