Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan, ushbu Qonunga muvofiq sudning qaroriga binoan undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish orqali realizatsiya qilinadi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Sud undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida qaror qabul qilar ekan, ipotekaga qoʻyuvchi va ipotekaga oluvchining roziligi bilan garovga qoʻyilgan mol-mulk auksionda sotish orqali realizatsiya qilinishi kerakligini belgilab qoʻyishi mumkin. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilishning ayni shunday usuli ipotekaga qoʻyuvchi va ipotekaga oluvchi tomonidan ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada yoki ushbu Qonun 37-moddasining birinchi qismiga muvofiq tuzilgan, notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda nazarda tutilishi mumkin. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni ushbu Qonun 37-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda auksionda sotish orqali realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulkni auksionda sotish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga va ushbu Qonunga, agar ularda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma yoki ipotekaga qoʻyuvchining ipotekaga oluvchi bilan tuzilgan notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga muvofiq belgilanadi. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilish boʻyicha kimoshdi savdolari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda elektron onlayn-auksion shaklida oʻtkaziladi.