Koʻchmas mulk, shu jumladan binolar, inshootlar, koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar, korxonalar, boshqa mulkiy majmualar, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar mulki boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari, qonunda koʻchmas mulk jumlasiga kiritilgan va ularga boʻlgan huquqlar qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan boshqa mol-mulk ipoteka narsasi boʻlishi mumkin. Ipoteka toʻgʻrisidagi qoidalar: qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq yer uchastkasida barpo etilayotgan qurilishi tugallanmagan mol-mulk garoviga; yakka tartibdagi uy-joy qurish yoki dehqon xoʻjaligini yuritish uchun qonunchilikka muvofiq berilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar garoviga; agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchining koʻchmas mulk ijarasi toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha huquqlari (ijara huquqi) garoviga; agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, yer uchastkasi ijarasiga doir huquqlar garoviga nisbatan ham qoʻllaniladi. Muomaladan chiqarilgan va tasarrufdan chiqarilishi mumkin boʻlmagan koʻchmas mulk ipoteka narsasi boʻlishi mumkin emas. Qonunchilikda majburiy xususiylashtirilishi nazarda tutilgan yoki xususiylashtirilishi taqiqlangan yoxud cheklangan korxonalar va mol-mulk turlari hamda guruhlari ipoteka narsasi boʻlishi mumkin emas.