Sud ishlarni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qiladi. Sud ishni koʻrishda davlat organining yoki boshqa organning hujjati qonunga muvofiq emasligini, shu jumladan ushbu hujjat vakolat doirasidan chetga chiqilgan holda qabul qilinganligini aniqlasa, qonunga muvofiq qaror qabul qiladi. Nizoli munosabatni tartibga soluvchi huquq normalari mavjud boʻlmagan taqdirda, sud shunga oʻxshash munosabatlarni tartibga soladigan huquq normalarini qoʻllaydi, bunday normalar ham mavjud boʻlmaganda esa nizoni qonunlarning umumiy asoslari va mazmuniga tayanib hal qiladi. Tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek banklar oʻrtasidagi nizolar boʻyicha ishlarni koʻrib chiqishda qonunchilikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik subyektining foydasiga talqin etiladi. Sud Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga yoki xalqaro shartnomasiga muvofiq chet davlatlarning huquq normalarini qoʻllaydi.