Iqtisodiy protsessual kodeksi 136-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni

Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza sudga yozma shaklda, sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi. U kreditor yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) kreditorning, qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 3) kreditorning qonunchilikka asoslangan talabi; 4) talabga asos boʻlgan holatlar va ularni tasdiqlovchi dalillar; 5) undiriladigan summaning hisob-kitobi, undiruv qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulkka qaratilgan taqdirda esa, undirilayotgan koʻchar mol-mulkning tavsifi va toʻlanmagan toʻlovlar summasining hisob-kitobi; 6) undirilayotgan qarzdorlik vujudga kelgan davr; 7) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Arizada kreditorning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.