Iqtisodiy protsessual kodeksi 141-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish

Sudya sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani quyidagi hollarda qaytaradi, agar: 1) ariza ushbu Kodeksning 136-moddasida belgilangan talablarga rioya qilmagan holda berilgan boʻlsa; 2) ariza imzolanmagan boʻlsa yoki uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa; 3) bildirilgan talabni tasdiqlovchi, shuningdek ushbu Kodeksning 138-moddasida sanab oʻtilgan hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa; 4) qarzdorga arizaning koʻchirma nusxasi topshirilganligiga doir dalillar taqdim etilmagan boʻlsa; 5) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa; 6) mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa; 7) sud buyrugʻi berilguniga qadar kreditordan arizani qaytarib olish toʻgʻrisida ariza tushgan boʻlsa. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani ushbu modda birinchi qismining 1 — 6-bandlari asosida qaytarish haqida sudya ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay, ushbu modda birinchi qismining 7-bandi asosida esa sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish haqidagi ariza kelib tushgandan keyingi kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin ushbu ariza bilan sudga umumiy tartibda ikkinchi marta murojaat etishga toʻsqinlik qilmaydi.