Iqtisodiy protsessual kodeksi 152-modda. Daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi masalani hal etish

Sudya daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish yoxud sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazish haqidagi masalani daʼvo arizasi sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay yakka tartibda hal qiladi. Daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish yoxud daʼvo arizasini sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, ajrimning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ajrim chiqarilganidan keyingi kundan kechiktirmay yuboriladi. Sudga taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha suddan yoki maʼmuriy suddan daʼvo arizasi (ariza) yoki ish materiallari kelib tushganda sudya daʼvo arizasi (ariza) ushbu Kodeksning 149 , 150 va 151-moddalarida koʻrsatilgan talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza (shikoyat) sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay daʼvogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi va unga buning uchun oʻn kundan oshmaydigan muddat beradi.