Sudya daʼvo arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni quyidagi hollarda qaytaradi, agar: 1) daʼvo arizasining ushbu Kodeks 149-moddasida belgilangan shakli va mazmuniga rioya qilinmagan boʻlsa; 1¹ ) daʼvogar sudyaning ushbu Kodeks 152-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan koʻrsatmasini belgilangan muddatda bajarmagan boʻlsa; 2) daʼvo arizasi imzolanmagan boʻlsa yoki uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa; 3) ish mazkur sudning sudloviga tegishli boʻlmasa; 4) oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta talab birlashtirilgan boʻlib, ularning ayrimlari fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki maʼmuriy sudga, boshqalari esa iqtisodiy sudga taalluqli boʻlsa; 5) javobgarga va uchinchi shaxslarga daʼvo arizasining hamda unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmagan boʻlsa; 6) davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa; 7) mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni daʼvogar taqdim etmagan boʻlsa; 7¹ ) daʼvogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmagan boʻlsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa; 8) bitta daʼvo arizasida bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan oʻzaro bogʻliq boʻlmagan bir nechta talab birlashtirilgan boʻlsa; 9) qonunchilikka yoki shartnomaga koʻra qarz bank yoki boshqa kredit tashkiloti orqali olinishi