Sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida quyidagi harakatlarni amalga oshiradi: 1) ishda ishtirok etish uchun boshqa javobgarni yoki uchinchi shaxsni jalb etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi; 2) manfaatdor shaxslarni ishni yuritish toʻgʻrisida xabardor qiladi; 3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ularning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga boʻlgan huquqlari haqida xabardor qiladi; 4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, boshqa tashkilotlarga, ularning mansabdor shaxslariga muayyan harakatlarni amalga oshirishni taklif etadi, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatli hujjatlar va maʼlumotlar taqdim etishni taklif etadi; 5) guvohlarni chaqirtiradi; 6) ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi; 7) taraflarga zarur dalillarni olishga koʻmaklashadi, taraflarning iltimosnomasi boʻyicha ularni talab qilib oladi; 8) taraflarni kelishtirish choralarini koʻradi; 9) daʼvoni va dalillarni taʼminlash toʻgʻrisidagi masalalarni taraflarning iltimosnomasi boʻyicha hal etadi; 10) boshqa shaxslarning ishga kirishishi, ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish yoki daʼvo talablarini alohida ish yuritishga ajratish, sudning sayyor majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi. Sudya ishning toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishni taʼminlashga qaratilgan boshqa harakatlarni ham amalga oshiradi. Ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida sudya fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha, bundan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻriladigan ishlar mustasno, daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va ish qoʻzgʻatilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sudgacha majlis oʻtkazishi mumkin.