Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga haqli. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida shaxslarning ishtirok etish huquqi haqida ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatilib, ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslarga hamda ularning bunday majlisda ishtirok etishiga koʻmaklashadigan tegishli sudga yuboriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini taʼminlash uchun koʻrsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi boʻyicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni koʻrayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslarning vakillari vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnomalar, shuningdek sud majlisida taqdim etilgan dalillar ishni koʻrayotgan sudga yuborilishini taʼminlaydi. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga oʻz huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi audio- va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqi birinchi, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari sudlarining sud majlisida amalga oshirilishi mumkin.