Iqtisodiy protsessual kodeksi 167-modda. Sud majlisidagi tartib

Sudyalar majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida zalda hozir boʻlganlarning barchasi oʻrinlaridan turadi. Sud jarayoni ishtirokchilari sudga “Hurmatli sud!” degan soʻzlar bilan murojaat qiladi. Ular sudga oʻz tushuntirishlari va koʻrsatuvlarini, savollarga javoblarini tik turib beradi. Bu qoidadan chetga chiqishga faqat raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyilishi mumkin. Sud majlisi sudning normal ishlashini va sud jarayoni ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlaydigan sharoitlarda oʻtkaziladi. Sud majlisi zalida hozir boʻlgan hamda sudning ruxsati bilan sud majlisining fototasvirini, videoyozuvini, radio va televideniye orqali translyatsiyasini amalga oshirayotgan shaxslarning harakatlari sud majlisidagi tartibga xalaqit bermasligi kerak. Bu harakatlar sud tomonidan vaqt boʻyicha cheklanishi mumkin. Majlis vaqtida tartib buzilgan taqdirda, raislik qiluvchi tartibni buzgan shaxsni sud nomidan ogohlantiradi. Tartib takroran buzilgan taqdirda, mazkur shaxs raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin. Sudning hal qiluv qarorini majlis zalida hozir boʻlganlarning barchasi tik turib eshitadi.