Iqtisodiy protsessual kodeksi 176-modda. Hal qiluv qarorini qabul qilish

Sud ishni mazmunan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha hal qiluv qarori qabul qiladi. Sud hal qiluv qarorini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi. Hal qiluv qarori sudyalar maslahati sirini saqlash taʼminlanadigan sharoitlarda, sud majlisida ishtirok etayotgan sudyalar tomonidan qabul qilinadi. Sud hal qiluv qarorini qabul qilayotgan xonada faqat ishni koʻrib chiqayotgan sud tarkibiga kiradigan sudyalar boʻlishi mumkin. Ushbu xonaga boshqa shaxslarning kirishi, shuningdek sud tarkibiga kirmaydigan shaxslar bilan muloqotda boʻlishning boshqa usullari taqiqlanadi. Sudyalar hal qiluv qarorini qabul qilish chogʻidagi muhokama mazmuni toʻgʻrisidagi, sud tarkibiga kirgan ayrim sudyalarning nuqtai nazari haqidagi maʼlumotlarni biror-bir shaxsga xabar qilishga, sudyalar maslahati sirini boshqa usulda oshkor qilishga haqli emas. Sudning hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi kerak. U sud majlisida tekshirilgan dalillargagina asoslangan boʻlishi mumkin.