Sud tomonidan ish hayʼat tarkibida koʻrilayotganda yuzaga keladigan masalalar sudyalar tomonidan koʻpchilik ovoz bilan hal qilinadi. Sudyalardan birortasi ovoz berishda betaraf qolishga haqli emas. Majlisda raislik qiluvchi sudya hammadan keyin ovoz beradi. Koʻpchilikning fikriga qoʻshilmagan sudya sud hujjatiga imzo qoʻyishi shart va u oʻzining alohida fikrini yozma shaklda bayon qilishga haqli, alohida fikr muhrlangan konvertda ishga qoʻshib qoʻyiladi, lekin eʼlon qilinmaydi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudyaning alohida fikri bilan tanishtirilmaydi. Yuqori instansiya sudi sudyaning alohida fikri bilan tanishishga haqli.