Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari sud majlisi bayonnomasi bilan tanishib chiqishga va u imzolangan kundan eʼtiboran besh kun ichida bayonnoma yuzasidan bayonnomada yoʻl qoʻyilgan xatoliklarni yoki undagi maʼlumotlarning toʻliq emasligini koʻrsatgan holda yozma fikr-mulohazalar berishga haqli. Bayonnoma yuzasidan berilgan fikr-mulohazalarni raislik qiluvchi koʻrib chiqadi va ushbu fikr-mulohazalarga qoʻshilsa, ularning toʻgʻriligini tasdiqlaydi hamda sud majlisining bayonnomasiga qoʻshib qoʻyadi. Raislik qiluvchi berilgan fikr-mulohazalarga qoʻshilmasa, ular sud majlisida koʻrib chiqiladi. Berilgan fikr-mulohazalar barcha hollarda ishga qoʻshib qoʻyilishi kerak. Bayonnoma yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar ular berilgan kundan keyin yetti kun ichida ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda koʻrib chiqilishi kerak. Biroq ularning kelmaganligi bayonnoma yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalarni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan sudga besh kunlik muddatni oʻtkazib taqdim etilgan yozma fikr-mulohazalar sud tomonidan koʻrib chiqilmaydi va ishga qoʻshib qoʻyiladi, bu haqda yozma fikr-mulohazalar bergan shaxsga maʼlum qilinadi. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari sud majlisining audio- yoki videoyozuvlari bilan tanishish huquqiga ega. Sud majlisining audio- yoki videoyozuvlarining koʻchirma nusxalari iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga ishni koʻrib chiqqan sudning ruxsati bilan beriladi.