Iqtisodiy protsessual kodeksi 21-modda. Prokurorni, ekspertni, mutaxassisni, sud majlisi kotibini va tarjimonni rad qilish

Prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi yoki tarjimon quyidagi hollarda ishni koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas va rad qilinishi lozim, agar u: 1) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yoki ular vakillarining qarindoshi boʻlsa; 2) ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning xolisligiga shubha tugʻdiruvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa. Ekspertni va mutaxassisni rad qilish uchun quyidagilar ham asos boʻladi: 1) uning ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yoki ularning vakillariga ishning muhokamasi paytida yoki oʻtmishda xizmat vazifasi yuzasidan yoxud boshqa jihatdan tobe boʻlganligi; 2) u oʻtkazgan taftish materiallari sudga murojaat qilish uchun asos yoki sabab boʻlib xizmat qilgan boʻlsa yoxud ishni koʻrishda ulardan foydalanilayotgan boʻlsa.