Iqtisodiy protsessual kodeksi 225-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish tartibi

Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Sudya ishni hakamlik muhokamasi tarafining iltimosnomasiga binoan sud muhokamasiga tayyorlayotganda iqtisodiy sudda nizolashilayotgan hal qiluv qaroriga oid ish materiallarini hakamlik sudidan ushbu Kodeksda dalillarni talab qilib olish uchun nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha talab qilib olishi mumkin. Iqtisodiy sud hakamlik muhokamasi taraflarini sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Iqtisodiy sud ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun ushbu Kodeksning 226-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjudligi yoki mavjud emasligini bildirilgan talablar va eʼtirozlarni asoslash uchun sudga taqdim etilgan dalillarni tekshirish yoʻli bilan aniqlaydi. Iqtisodiy sud ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas.