Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda beriladi va hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga qabul qilingan boʻlsa, oʻsha taraf yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi; 2) hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining nomi va tarkibi, joylashgan yeri; 3) hakamlik muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 4) hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan sana; 5) ariza bilan murojaat etgan hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining hal qiluv qarorini olgan sana; 6) hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi talab. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizada telefonlar, fakslar raqamlari, elektron manzil va boshqa maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi: 1) hakamlik sudi hal qiluv qarorining tasdiqlangan koʻchirma nusxasi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining hal qiluv qarori koʻchirma nusxasi mazkur hakamlik sudining raisi tomonidan tasdiqlanadi, muvaqqat hakamlik sudi hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasidagi hakamlik sudyasining imzosi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak; 2) hakamlik bitimining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi; 3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji, agar arizachi uni toʻlashdan ozod qilingan boʻlmasa, hamda pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar; 4) hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizaning ko