Iqtisodiy protsessual kodeksi 232-5-modda. Arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish

Arbitraj muhokamasining tarafi arbitrajning hal qiluv qarori ustidan iqtisodiy sudga arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani berish orqali shikoyat qilishi mumkin. Ishda ishtirok etishga jalb etilmagan, huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxslar ham arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilishi mumkin. Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ushbu arizani bergan taraf arbitrajning hal qiluv qarorini olgan sanadan eʼtiboran, “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonunning 49-moddasiga muvofiq iltimosnoma berilgan taqdirda esa ushbu iltimosnoma boʻyicha arbitraj sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan sanadan eʼtiboran yoki ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxs arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani berish uchun asos boʻlgan holatlarni bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan sanadan eʼtiboran uch oy oʻtgach berilishi mumkin emas. Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisida ariza kelib tushgan taqdirda, iqtisodiy sud arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi masala boʻyicha ish yuritishni arbitraj sudiga arbitraj muhokamasini tiklash yoki arbitraj sudining fikriga koʻra arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish asoslarini bartaraf etadigan boshqa harakatlarni bajarish imkonini berish uchun oʻzi belgilagan muddatga, tegishli holatda va taraflardan birining iltimosnomasiga koʻra toʻxtatib turishi mumkin.