Iqtisodiy protsessual kodeksi 242-modda. Sudning immuniteti

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudida chet davlatga nisbatan daʼvo taqdim etishga, uni uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilishga, chet davlatga qarashli boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan mol-mulkni xatlash hamda unga nisbatan daʼvoni taʼminlash boʻyicha boshqa choralarni qoʻllashga, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish tartibida undiruvni shu mol-mulkka qaratishga, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, faqat tegishli davlatning vakolatli organlari roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Xalqaro tashkilotlarning sud immuniteti Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi. Sud immunitetidan voz kechish chet davlatning qonunida yoki xalqaro tashkilotning qoidalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshirilishi kerak. Bu holda Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudi ishni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda koʻrib chiqadi.