Chet ellik shaxslar iqtisodiyot sohasida oʻzining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun ushbu Kodeksda belgilangan sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilik qoidalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlariga murojaat qilish huquqiga ega. Chet ellik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari bilan teng protsessual huquqlardan foydalanadi va protsessual majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi. Ishda ishtirok etuvchi chet ellik shaxslar oʻzining yuridik maqomini va iqtisodiyot sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi dalillarni Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudiga taqdim etishi kerak. Sudlarida Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining va fuqarolarining protsessual huquqlariga nisbatan maxsus cheklovlarga yoʻl qoʻyilayotgan davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslariga nisbatan javob tariqasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida cheklovlar belgilanishi mumkin.