Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudi ayrim protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida yoki qonunida belgilangan tartibda chet davlatlar sudlari tomonidan oʻziga berilgan topshiriqlarni (chaqiruv qogʻozlarini va boshqa hujjatlarni topshirish, ashyoviy, yozma va raqamli dalillar olish, ekspertiza oʻtkazish, joyni koʻzdan kechirish va hokazo) bajaradi. Chet davlat sudining topshirigʻi quyidagi hollarda ijro etilmaydi, agar: 1) sud topshirigʻini ijro etish Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetiga zid boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga tahdid solsa; 2) sud topshirigʻini ijro etish Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudining vakolatiga kirmasa; 3) ayrim protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi sud topshirigʻini oʻz ichiga olgan hujjatning haqiqiyligi aniqlanmasa. Ayrim protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi sud topshiriqlarini Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudi tomonidan ijro etish, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari chet davlatlar sudlariga yoki chet davlatlarning vakolatli organlariga ayrim protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi sud topshiriqlari bilan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida yoki qonunida belgilangan tartibda murojaat qilishi mumkin.
33-bob. Chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish