Iqtisodiy protsessual kodeksi 248-modda. Chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish

Chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining iqtisodiyot sohasida yuzaga keladigan nizolar hamda boshqa ishlar boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, agar bunday qarorlarni tan olish va ijroga qaratish Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari hamda qonunchiligida nazarda tutilgan boʻlsa, ular Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan tan olinadi va ijroga qaratiladi. Chet davlat sudining va arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish masalalari iqtisodiy sud tomonidan nizo boʻyicha hal qiluv qarori oʻz foydasiga chiqarilgan tarafning arizasi boʻyicha hal etiladi. Ushbu Kodeks maqsadlari uchun chet davlat sudi deganda chet davlatning taraflar oʻrtasidagi nizoni hal etuvchi vakolatli organi tushuniladi, chet el arbitraji deganda chet davlatning taraflar oʻrtasidagi nizoni hal etish uchun doimiy yoki vaqtincha asosda faoliyat koʻrsatadigan nodavlat tashkiloti tushuniladi. Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, u qonuniy kuchga kirgan paytdan eʼtiboran uch yil muddat ichida, tan olish va ijroga qaratish uchun taqdim etilishi mumkin. Arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish masalalari, agar arbitraj joyi Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan boʻlsa, ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda, “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda hal etiladi.