Iqtisodiy protsessual kodeksi 257-modda. Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ajrim

Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizani koʻrish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi ushbu Kodeksning 22-bobida belgilangan qoidalarga koʻra ajrim chiqaradi. Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ajrimda: 1) chet davlat sudining yoki arbitrajining nomi va joylashgan yeri; 2) arizachi va qarzdorning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi); 3) arizachi tan olish va ijroga qaratishni iltimos qilayotgan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 4) chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish yoxud uni tan olishni va ijroga qaratishni rad qilish toʻgʻrisida koʻrsatma boʻlishi kerak. Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ajrim ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.