Iqtisodiy protsessual kodeksi 274-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni koʻrish tartibi

Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida ushbu bobda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda birinchi instansiya sudida koʻrish qoidalari boʻyicha koʻradi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha birinchi sud majlisi apellyatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak. Apellyatsiya instansiyasi sudida: ishlarni birlashtirish toʻgʻrisidagi; daʼvoning predmetini yoki asosini, daʼvo talablarining miqdorini oʻzgartirish haqidagi; qarshi daʼvo taqdim etish; ishda ishtirok etish uchun uchinchi shaxslarni jalb etish toʻgʻrisidagi qoidalar, shuningdek ushbu Kodeksda faqat birinchi instansiya sudida ishni koʻrish uchun belgilangan boshqa qoidalar qoʻllanilmaydi, bundan ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrish holati mustasno. Apellyatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan apellyatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi. Apellyatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish raislik qiluvchining yoki sudyalardan birining maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruzachi ishning holatlarini, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining mazmunini, apellyatsiya shikoyati (protesti) vajlarini va uning yuzasidan berilgan yozma fikrni bayon qiladi. Sud maʼruzadan keyin sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini eshitadi, ular apellyatsiya shikoyatida (protestida) koʻrsatilmagan vajlarni keltirishga va qoʻshimcha materiallar taqdim etishga ham haqli. Dastlab apellyatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar ish protest boʻyicha koʻrilayotgan boʻlsa, prokuror soʻzga chiqadi. Hal qiluv qarori ustidan har ikkala taraf tomonidan shikoyat berilgan boʻlsa, birinchi boʻlib daʼvogar soʻzga chiqadi.