Arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlar jumlasiga “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan quyidagi arizalar boʻyicha ishlar kiradi: 1) arbitrni tayinlash toʻgʻrisidagi; 2) arbitrni rad etishni qanoatlantirish haqidagi; 3) arbitr vakolatlarining amal qilishini tugatish xususida qaror qabul qilish toʻgʻrisidagi; 4) arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish haqidagi; 5) taʼminlash choralarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi; 6) taʼminlash choralarini koʻrish haqidagi; 7) dalillarni olishga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi; 8) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi; 9) arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi. Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan iqtisodiy sud ishlarini yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha ushbu Kodeksning 29¹-bobida koʻrsatilgan oʻziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda koʻrib chiqiladi. Ushbu modda birinchi qismining 1 — 4 , 7 va 8-bandlarida sanab oʻtilgan ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan faqat, agar arbitraj joyi Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan boʻlsa, koʻrib chiqiladi.