Iqtisodiy protsessual kodeksi 282-modda. Kassatsiya shikoyati berish (protesti keltirish) huquqi

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati berishga haqli. Prokuror, yuqori turuvchi prokuror birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori ustidan, agar ish boʻyicha prokuror ishtirok etgan boʻlsa yoki qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ish boʻyicha, shuningdek ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda, kassatsiya protesti keltirishga haqli. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati berishga haqlidir, bundan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar mustasno. Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ustidan toʻliq yoki qisman kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.