Iqtisodiy protsessual kodeksi 301-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari

Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha: 1) hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga; 3) hal qiluv qarorini oʻzgartirishga; 4) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud daʼvoni toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirishga; 5) ushbu Kodeks 302-moddasi beshinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda, hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga haqli. Ushbu Kodeks 302-moddasi beshinchi qismining 2 , 3 va 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻradi. Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtish haqida ajrim chiqarilib, unda bajarilishi lozim boʻlgan harakatlar koʻrsatiladi. Sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinmaganligi yoki notoʻgʻri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda qarorning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu Kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanishi koʻrsatiladi.