Iqtisodiy protsessual kodeksi 305-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti)

Sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi. Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli: 1) birinchi instansiya sudining ajrimini, qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga; 2) birinchi instansiya sudining ajrimini, qarorini oʻzgartirishga yoki bekor qilishga; 3) daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi, daʼvo arizasini qaytarish, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, ish yuritishni toʻxtatib turish haqidagi ajrimni bekor qilishga va daʼvo arizasini, ishni koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga; 4) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va daʼvo arizasini (arizani), ish materiallarini koʻrib chiqish uchun sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga.